Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “O’zbekiston Respublikasi kasb-hunar ta’limining davlat ta’lim standartini tasdiqlash to’g’risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.
Davlat ta’lim standartining maqsadi:
kasb-hunar ta’limi tizimini mamlakat iqtisodiyotining rivojlanish istiqbollari va ustuvor vazifalarini, zamonaviy texnika va texnologik taraqqiyot tendensiyalarni, rivojlangan xorijiy mamlakatlarning ilg’or tajribalarini tatbiq qilgan, zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalariga asoslangan holda tashkil etish, kasblar va mutaxassisliklar ta’lim standartlari talablariga javob beruvchi, ma’naviy barkamol, mehnat va ta’lim xizmatlari bozorida raqobatbardosh kadrlar tayyorlash;
mamlakatning ijtimoiy va iqtisodiy taraqqiyoti istiqbollaridan, jamiyat ehtiyojlaridan, fan, texnika va texnologiyaning zamonaviy yutuqlaridan kelib chiqib kasb-hunar ta’limi tizimi uchun kadrlar tayyorlash mazmunini tartibga solish.
Davlat ta’lim standartining vazifalari quyidagilardan iborat:
kasb-hunar ta’limi mazmuni va sifatiga qo’yiladigan talablarni belgilash;
milliy, umuminsoniy va ma’naviy qadriyatlar asosida o’quvchilarni tarbiyalashning samarali shakllari va usullarini joriy etish;
o’quv-tarbiya jarayoniga innovasion pedagogik va axborot-kommunikasiya texnologiyalarini joriy etish;
kadrlarni maqsadli va sifatli tayyorlash uchun ta’lim, fan va ishlab chiqarishning samarali integrasiyasini ta’minlash;
ish beruvchilarning ehtiyojlari va takliflaridan hamda ilg’or xorijiy tajribadan kelib chiqqan, shuningdek, iqtisodiyotning real sektoridagi tarkibiy o’zgarishlarni hisobga olgan holda ko’rsatiladigan ta’lim xizmatlari turlariga va ta’lim sifatiga nisbatan, shuningdek, bitiruvchilarining umumiy kompetensiyalariga qo’yiladigan maqbul talablarni belgilash;
kasb-hunar ta’lim dasturini amalga oshirish bo’yicha kasb-hunar ta’limi muassasalariga qo’yiladigan talablarni belgilash;
kasb-hunar ta’limiga va uning pirovard natijalariga, o’quvchilarning bilimi va kasbiy kompetensiyalarini baholash tartibiga, shuningdek, ta’lim faoliyati sifati ustidan nazorat qilishga nisbatan qo’yiladigan talablarning huquqiy asoslarini takomillashtirish;
davlat ta’lim standartlari talablarining ta’lim sifati va kadrlar tayyorlashga qo’yiladigan xalqaro talablarga muvofiqligini ta’minlash;
amaldagi xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari umumdavlat klassifikatori bilan muvofiqligini ta’minlash;
kasb-hunar ta’limining kasblar va mutaxassisliklar umumdavlat klassifikatorini Xalqaro standart ta’lim klassifikasiyasi (MSKO-2011) bilan muvofiqligini ta’minlash.
Davlat ta’lim standarti quyidagi asosiy prinsiplarga asoslanadi:
o’quvchi shaxsi, uning intilishlari, qobiliyati va qiziqishlarining ustuvorligi;
mamlakat iqtisodiyotining rivojlanish istiqbollari va ustuvor vazifalari, zamonaviy texnika va texnologik taraqqiyot tendensiyalari hamda kadrlarga bo’lgan real ehtiyojidan kelib chiqib ish beruvchi tashkilotlarning takliflari hisobga olinganligi;
ta’lim – fan – ishlab chiqarish integrasiyasi mujassamligi;
kasb-hunar ta’limining xalqaro ta’lim standartlariga hamda mamlakatda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, ilm-fan va zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalariga asoslanganligi;
o’quvchilarning egallaydigan kasbi yoki mutaxassisligi bo’yicha zaruriy bilimlar, amaliy ko’nikmalar va belgilangan malakaga ega bo’lishini ta’minlanganligi;
o’quvchilarda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga asoslangan ma’naviy va axloqiy sifatlarni shakllantirishga yo’naltirilgan umumiy va kasbiy kompetensiyalarni rivojlantirishning ta’minlanganligi.
Davlat ta’lim standarti quyidagi tarkibiy qismlardan iborat:
kasb-hunar ta’lim dasturini amalga oshiruvchi ta’lim muassasalarida o’quv-tarbiyaviy ishlarni tashkil etishga qo’yiladigan talablar;
kasb-hunar ta’lim muassasalarini tashkil qilish, ularda yangi kasblar va mutaxassisliklar ochish tartibi;
kasb-hunar ta’limi muassasalari bitiruvchilarining umumiy kompetensiyasiga qo’yiladigan talablar;
kasb-hunar ta’limi kasblari va mutaxassisliklari klassifikatorini ishlab chiqishga qo’yiladigan talablar.
kasb-hunar ta’limi kasblari va o’rta bo’g’in mutaxassisliklarining o’quv yuklamalari hajmi;
kasb-hunar ta’limi tizimi kasblari va mutaxassisliklarining ta’lim standartlari tuzilmasi;
kasb-hunar ta’limining davlat ta’lim standartini joriy etish tartibi;
kasb-hunar ta’limi davlat ta’lim standartlari talablariga rioya etilishini nazorat qilish.
Kasb-hunar ta’lim dasturini amalga oshiruvchi ta’lim muassasasi:
rahbari, uning o’rinbosarlari va pedagogik jamoasi kasbiy ta’lim sifatini ta’minlashga hamda ish beruvchilar talablarini qanoatlantiradigan kasb egalari va o’rta bo’g’in mutaxassislarini tayyorlashga;
o’quvchilar uchun ijtimoiy–madaniy muhitni yaratish, yoshlarni har tomonlama barkamol shaxs sifatida shakllantirish, vatanparvarlik va milliy mustaqillik g’oyalariga sodiqlik ruhida tarbiyalash, sog’lig’ini saqlash, ta’lim jarayoni va tarbiyaviy faoliyatni birgalikda olib borish, o’quvchilarda o’z-o’zini boshqarish sifatlarini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratishga mas’uldir.
Kasb-hunar ta’lim dasturini amalga oshiruvchi ta’lim muassasasi quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:
kasblar va mutaxassisliklar o’quv rejalaridagi o’quv amaliyotlarini shu kasb (mutaxassislik)ka tegishli hamda sohaning hozirdagi taraqqiyot darajasiga va rivojlanish istiqbollariga mos bo’lgan zamonaviy texnika, dastgohlar, qurilmalar, asbob-uskunalar, materiallar va boshqa zarur jihozlar bilan to’liq ta’minlangan maxsus auditoriyalarda, ustaxonalarda, tajriba-sinov uchastkalarida, poligonlarda, studiyalarda, shuningdek, yuqorida qayd etilgan shartlar bajarilgan, o’quvchilarda amaliy ko’nikmalarni shakllantirish va ularni xavfsizligi ta’minlangan hollarda o’quv amaliyotiga ajratilgan soatlarni ma’lum qismini korxona va tashkilotlarda o’tkazilishini;
gumanitar va ijtimoiy yo’nalishdagi kasblar va mutaxassisliklar amaliy mashg’ulot darslari va o’quv amaliyotlarini zamonaviy kompyuter va kasbga tegishli normativ hujjatlar, kataloglar, ma’lumotnomalar va boshqa manbalar bilan ta’minlangan maxsus auditoriyalarda o’tkazishni;
kasblar va mutaxassisliklarning o’quv va ishlab chiqarish amaliyotlari o’quvchi egallayotgan kasbi (mutaxassisligi) mavjud bo’lgan, imkon qadar zaruriy shart-sharoitlar bilan ta’minlangan korxona, tashkilot va xo’jalik birlashmalarda o’tkazishni;
ishlab chiqarish amaliyotlarida o’quvchilarni o’z kasbi (mutaxassisligi) bo’yicha amaliyot o’tishini, ularni korxona va tashkilotlarning o’quvchilar kasbi (mutaxassisligi)ga mos lavozimlarda ishlayotgan, etarli ish tajribasiga ega, malakasi va ma’naviy fazilatlari yuqori bo’lgan kasb egalari (mutaxassislar)ga biriktirishni;
korxona va tashkilotlarda tashkil etiladigan kasb va mutaxassisliklarning ishlab chiqarish amaliyotlarini o’quv dasturlariga muvofiq samarali olib borilishining nazoratini ta’minlaydi.