O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Akademik litseylarga umumiy o’rta ta’lim o’quvchilarini tanlab olish, o’qishga qabul qilish, ularning o’qishini ko’chirish va o’qishdan chetlatish tartibi to’g’risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi 2018 yil 23 martdagi 212-sonli qarori qabul qilindi.
Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan tasdiqlanayotgan Nizomga ko’ra, akademik litseylar faoliyatiga oid bir qator yangiliklar joriy etilmoqda.
Akademik litsey bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasalariga o’qishga kirish darajasi 80 foizdan ortiq bo’lganida tegishli oliy ta’lim muassasalari rektorlari, akademik litseylar bilan ishlash bo’yicha tegishli prorektorlar, akademik litseylar direktorlari, o’quvchilari yuqori natija ko’rsatgan yo’nalishda dars mashg’ulotlarini tashkil etgan barcha professor-o’qituvchilarga keyingi o’quv yilining 1 yanvaridan boshlab o’quv yili yakuniga qadar ularning ish haqiga nisbatan 50 foiz miqdorda ustama haq oliy ta’lim muassasalarining oshirilgan to’lov-kontrakt tushumlari hisobiga amalga oshiriladi.
Akademik litsey bitiruvchilarining oliy ta’lim muassalariga o’qishga kirish darajasi:
- 70 foizdan 80 foizgacha bo’lganda bir oylik lavozim maoshining 15 foizi miqdorida;
- 60 foizdan 70 foizgacha bo’lganda bir oylik lavozim maoshining 20 foizi miqdorida;
- 50 foizdan 60 foizgacha bo’lganda bir oylik lavozim maoshining 25 foizi miqdorida;
- 50 foizgacha bo’lganda bir oylik lavozim maoshining 30 foizi miqdorida bir martalik jarima qo’llaniladi.
Intizomiy jarimalar 2018/19 o’quv yili yakunidan boshlab akademik litsey bitiruvchilarining oliy ta’lim muassalariga o’qishga kirish darajasiga muvofiq tegishli oliy ta’lim muassasalari rektorlari, akademik litseylar bilan ishlash bo’yicha tegishli prorektorlar hamda akademik litseylar direktorlari, o’quvchilari o’qishga kirmagan yo’nalishda dars mashg’ulotlarini tashkil etgan barcha professor-o’qituvchilarga (xizmat ko’rsatuvchi va texnik xodimlar bundan mustasno) nisbatan qo’llaniladi.
2017/18 o’quv yili yakunida akademik litsey bitiruvchilarining oliy ta’lim muassalariga o’qishga kirish darajasi 50 foizdan past bo’lganda tegishli oliy ta’lim muassasalari rektorlari, akademik litseylar bilan ishlash bo’yicha tegishli prorektorlar hamda akademik litseylar direktorlari, o’quvchilari o’qishga kirmagan yo’nalishda dars mashg’ulotlarini tashkil etgan barcha professor-o’qituvchilarga (xizmat ko’rsatuvchi va texnik xodimlar bundan mustasno) nisbatan bir oylik lavozim maoshining 15 foizi miqdorida bir martalik jarima qo’llaniladi.
Akademik litsey bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasalariga o’qishga kirish o’qishga kirishi darajasiga muvofiq intizomiy jazo chorasi qo’llanilgan rahbar xodimlarga keyingi o’quv yili davomida ish haqiga ustama belgilashga yo’l qo’yilmaydi.