YANGILIKLAR
Домой / Без рубрики / OTFIV ning Hay’at_yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

OTFIV ning Hay’at_yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

 

OTFIV ning Hay’at_yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

2024-yil 9-noyabr kuni Nukus shahrida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining kengaytirilgan Hay’at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi mutasaddilari, hududiy boshqarmalari rahbarlari, respublika oliy ta’lim muassasalari rektorlari va direktorlari ishtirok etdilar. Hay’at yig‘ilishi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi bilan hamkorlikda o‘tkazildi.

Hay’at yig‘ilishi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov raisligida bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi Farxod Ermanov ochib berdi.

Bugungi kunda, mamlakatimizdagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni yangi bosqichga olib chiqish, iqtisodiyot va sohaga oid islohotlarni amalga oshirish jarayonida oliygohlar va texnikumlarning ishtiroki muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu nuqtai nazardan, Hay’at yig‘ilishida Prezidentimiz tomonidan 2024-yil 16-oktabrda imzolangan “Kasbiy ta’limda malakali kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish va xalqaro ta’lim dasturlarini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–158-son Farmonida oliy ta’lim muassasalari va texnikumlar rahbarlari oldiga qo‘yilgan ustuvor vazifalarning amalga oshirilishiga oid masalalar muhokama qilindi.

Yig‘ilishda hududlarni rivojlantirish va drayver nuqtalarini belgilash, tarmoq va sohalarda mavjud bo‘lgan muammolarga yechim topish, mahallalar, kerak bo‘lsa har bir oilaning turmush tarziga ijobiy ta’sir ko‘rsata oladigan ilmiy asoslantirilgan yondashuvni joriy qilishda aynan oliygohlar va texnikumlar jamoasining ilmiy salohiyati va amaliy tajribasini keng joriy qilish masalalariga alohida urg‘u berildi.

Mana shunday  tizimli yondashuv va ilmiy-amaliy tajribaning Qoraqalpog‘iston Respublikasida boshlanishi ham bejiz emas. Mazkur yig‘ilish Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha hududlardagi oliygohlar va texnikumlar faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni ta’lim va innovatsiyalar orqali kuchaytirish uchun muhim qadam bo‘lishi kutilmoqda.