Mehnat bozoriga kirib kelayotgan yoshlarni to‘g‘ri yo‘naltirish, talabgor kasblarga o‘qitish, ta’lim muassasalarida dual ta’limga e’tiborni kuchaytirish bugungi kunda g‘oyatda dolzarb masaladir.
O‘rta Chirchiq tumanidagi “Qorasuv invest” ishlab chiqarish korxonasida dual ta’lim tizimining imkoniyatlari va istiqbollari bo‘yicha Toshkent viloyati Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi tomonidan amaliy seminar tashkil etildi.
Tadbirda Toshkent viloyati hokimi Z.Mirzayev, oliy o‘quv yurtlari rektorlaru, kasbiy ta`lim tashkilotlari direktorlari va yirik korxonalar maʼsullari ishtirok etdilar.
Seminarda Toshkent viloyati Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i Nasiba Kulbekova taqdimot o‘tkazdi. Taqdimotda viloyatda dual ta’limni keng joriy etish, o‘quvchilarni mehnat bozorining talablariga moslashtirilgan kasblarga o‘qitish tizimini optimallashtirish usullari namoyish etildi.
Kasbga yo‘naltirishda ta’lim va ishlab chiqarish sektori o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash zarurligi ta’kidlandi. Taqdimot davomida dual ta’limning istiqbolli rejalariga alohida e’tibor qaratildi va yoshlarni zamonaviy kasblarga tayyorlashda yangi yondashuvlar muhokama qilinib, zarur choralar belgilandi.