15-mart kuni Jizzax politexnika institutida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining navbatdagi Hay’at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston-2030” strategiyasini “Atrof muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari, oliy ta’lim muassasalari faoliyati monitoringi natijalari muhokama qilindi.
Tadbirda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov boshchiligida markaziy apparat mas’ullari va tizim tashkilotlari mutasaddilari, barcha oliy ta’lim muassasalari rahbarlari bevosita va masofadan ishtirok etdilar.
Kun tartibiga muvofiq, Prezidentning PF-16-son farmoni bilan tasdiqlangan Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari ko‘rib chiqildi.
Davlat dasturiga ko‘ra, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi 107 ta topshiriqni bajarish vazifasiga ega bo‘lib, ulardan 24 tasida asosiy ijrochi, 83 tasida hamijrochi sifatida ishtirok etadi.
Muhokama davomida 2025/2026-o‘quv yilidan boshlab davlat oliygohlarining tabiiy fanlar, muhandislik-texnika, iqtisodiyot va moliya yo‘nalishlarida “Atrof-muhitni muhofaza qilish va yashil rivojlanish” fanini joriy etish vazifasi qo‘yilgani ta’kidlandi. Shu maqsadda yangilangan dasturlar asosida o‘quv rejalarini ishlab chiqish bo‘yicha topshiriqlar belgilab berildi.
Shuningdek, barcha o‘quv dasturlarining TOP-300 talikka kirgan yetakchi oliygohlar tajribasi asosida takomillashtirilgani qayd etildi.
Hay’at yig‘ilishida oliy ta’lim tizimidagi ustuvor yo‘nalishlar belgilandi
Unda sohaning dolzarb masalalari tanqidiy-tahliliy muhokama qilinib, Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari belgilandi.
Jumladan, oliygohlarda grant asosidagi davlat buyurtmasini kengaytirish, ta’lim sifatini oshirish va xalqaro standartlarga moslashtirish, kasbiy ta’lim va ilmiy salohiyatni rivojlantirish, investitsiyalar va grantlarni jalb qilish hamda korrupsiyaga qarshi kurash va shaffoflikni ta’minlash borasidagi ishlar tahlil qilindi.
Yig‘ilish davomida kamchiliklarga tanqidiy baho berildi. Xususan, ayrim oliygohlarda xalqaro ta’lim dasturlari va investitsiyalarni jalb qilish borasida sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotgani qayd etildi.
Hay’at yig‘ilishida sohaning dolzarb masalalari tanqidiy-tahliliy muhokama qilinib, bir qator muhim qarorlar qabul qilindi.
Jumladan, davlat buyurtmasini kengaytirish vazifasi ijrosi o‘laroq oliygohlarda grant asosidagi davlat buyurtmasi 25 mingtagacha oshiriladi. Shuningdek, “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida 3,5 ming nafar ehtiyojmand oila farzandlari grant asosida qabul qilinishi belgilandi.
Ta’lim sifatini oshirish va xalqaro standartlarga moslashtirish maqsadida 2025/2026-o‘quv yilidan davlat oliygohlarining tabiiy fanlar, muhandislik-texnika, iqtisodiyot va moliya yo‘nalishlarida “Atrof-muhitni muhofaza qilish va yashil rivojlanish” fani joriy etiladi. Barcha o‘quv dasturlari TOP-300 talikka kirgan universitetlar dasturlari asosida takomillashtiriladi.
Kasbiy ta’lim va ilmiy salohiyatni oshirish yo‘nalishida kasbiy ta’lim tashkilotlarida malakali pedagoglar ulushini 35 foizga yetkazish, texnikumlardagi vakant direktor lavozimlariga ochiq tanlov asosida malakali kadrlarni jalb qilish choralari ko‘riladi.
Investitsiyalar va grantlarni jalb qilish maqsadida 2025-yilda tizim bo‘yicha 65 mln dollar investitsiya jalb qilish rejalashtirilgan bo‘lsa, 1-chorak yakuniga kelib 8,6 mln dollar o‘zlashtirildi. Yirik oliygohlar tomonidan 20-30 mln dollar investitsiya jalb qilish va texnikumlarda eksport hajmini 1 mln dollarga yetkazish choralari belgilandi.
Korrupsiyaga qarshi kurash va shaffoflikni ta’minlash tizimdagi faoliyat yurituvchi barcha rahbar-xodimlarning asosiy vazifasi bo‘ladi. Hisobot davrida tizim bo‘yicha 147 ta korrupsiya bilan bog‘liq huquqbuzarlik qayd etilgan. Shu sababli davlat xaridlari jarayonlarini shaffoflashtirish hamda manfaatlar to‘qnashuvini oldini olish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘riladi.
Yig‘ilish davomida Kamchiliklarga tanqidiy baho berildi. Xususan, ayrim oliygohlarda xalqaro ta’lim dasturlari va investitsiyalarni jalb qilish borasida sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotgani qayd etildi. Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti va Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetiga biriktirilgan mahallalarda amaliy ishlar boshlanmagani ta’kidlandi.
Hay’at yig‘ilishi yakunida mas’ul rahbarlarga barcha topshiriqlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash bo‘yicha qat’iy ko‘rsatmalar berildi. Ijro natijalari doimiy monitoring qilib borilishi ta’kidlandi.