YANGILIKLAR
Домой / Без рубрики / Nurafshon shahrining markaziy ko’chasida «Vatanparvarlik» oyligi munosabati bilan tadbir o’tkazildi.

Nurafshon shahrining markaziy ko’chasida «Vatanparvarlik» oyligi munosabati bilan tadbir o’tkazildi.

   O’zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 27 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan barcha tuman va shaharlarda, viloyat hududida joylashgan harbiy qismlarda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, davra suhbatlari va uchrashuvlar, sport va kitobxonlik musobaqalari o’tkazildi. Bekobod shahrida yangidan tashkil etilgan “Vatanparvarlar“ xiyoboni, Yuqori Chirchiq tumanida tuman mudofaa bo’limining yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Asosiy bayram tadbirlari Chirchiq va Nurafshon shaharlarida bo’lib o’tdi. Dastlab, Chirchiq dala-o’quv maydonida harbiy texnika va qurol-aslahalar ko’rgazmasi tashkil etildi. “Kimyogarlar“ madaniyat saroyida tashkil etilgan bayram tadbirida Prezidentimizning 2019 yil 11 yanvardagi farmoniga muvofiq davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlangan harbiylarga ushbu mukofotlar hamda viloyat hokimligining faxriy yorliq va esdalik sovg’alari tantanali topshirildi.
Chirchiq shahrida boshlangan bayram tadbirlari Nurafshon shahriga ko’chib, Motamsaro ona haykali poyiga viloyat hokimligi, Toshkent harbiy okrug qo’mondonligi, viloyat huquqni muhofaza qilish idoralari, davlat va jamoat tashkilotlari tomonidan gullar qo’yildi.
Nurafshon shahrining markaziy ko’chasi bo’ylab tantanali marsh uyushtirildi. Unda Toshkent harbiy okrugiga qarashli harbiy qismlar harbiy xizmatchilari ko’rgazmali chiqishlar bilan shaxdam qadamlarda o’tdi.
Tadbir doirasida shahar yoshlari o’rtasida 3 ming metrga yugurish marafoni, harbiy texnika va qurol-aslahalar ko’rgazmasi o’tkazildi. Shundan so’ng shahar markaziy ko’chasi bo’ylab asosiy bayram tadbiri davom etdi.
Tantanali marosimda Vatan, tinchlik, mardlik va jasoratni tarannum etuvchi konsert dasturi hamda harbiylarning jangovar chiqishlari namoyish etildi.
Tadbirlarda Toshkent viloyati hokimi G’.Ibragimov so’zga chiqdi.

Manba va foto