Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari Sarvarxon Buzrukxonov Toshkent viloyati Bekobod tumani politexnikumida bo‘lib, viloyat Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i N.Kulbekova hamrohligida, ta’lim muassasasining faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Politexnikumda mavjud muammo va dolzarb masalalar aniqlanib, ularni hal etish bo‘yicha mas’ullarga aniq vazifalar yuklatildi. Jumladan, ta’lim sifatini oshirish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash, o‘quv dasturlarini mehnat bozoriga moslashtirish, hamkor korxonalar bilan amaliy aloqalarni kuchaytirish kabi yo‘nalishlarda amaliy choralar belgilandi.
Amaliy choralarning ilk bosqichi sifatida politexnikumning amaliyot ustaxonalari uchun 30 ta zamonaviy kompyuter, stol va stullar yetkazib berildi. Shu bilan birga, o‘quvchilar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida politexnikum balansiga avtobus va qo‘shimcha jihozlar ajratilmoqda.
Shuningdek, politexnikumning jozibadorligini oshirish, yoshlarni ko‘proq jalb etish maqsadida yangi yo‘nalishlar va qisqa muddatli o‘quv kurslarini ochish bo‘yicha tizimli dastur ishlab chiqilmoqda.
S.Buzrukxonov hududdagi boshqa ta’lim muassasalari faoliyati bilan ham tanishib, yoshlarga kasbiy tayyorgarlik berish va zamonaviy ko‘nikmalarni shakllantirishga alohida e’tibor qaratilishini ta’kidladi.