YANGILIKLAR
Домой / Без рубрики / Oliy ta’lim muassasalariga o’qishga kirish uchun test sinovlari muddati 1 avgustdan 15 avgustgacha ikki smenada o’tkaziladi.

Oliy ta’lim muassasalariga o’qishga kirish uchun test sinovlari muddati 1 avgustdan 15 avgustgacha ikki smenada o’tkaziladi.

        Joriy yilning 3 aprel kuni oliy ta’lim muassasalariga o’qishga qabul qilish tartibini yanada takomillashtirish to’g’risidagi Hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining messenjerdagi «Huquqiy axborot» kanalida ma’lum qilindi.
Qaror bilan tasdiqlangan Oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga o’qishga qabul qilish uchun kirish test sinovlarini o’tkazish tartibi to’g’risidagi nizomga asosan:
— o’qishga qabul qilish to’g’risidagi arizalar esa har yili 15 iyundan 15 iyulgacha qabul qilinadi;
— test sinovlari har yili 1 avgustdan 15 avgustga qadar, kuniga ikki smenada o’tkaziladi. Bunda 1-smena 8:00 da, ikkinchi smena 15:00 da boshlanadi;
— abiturient test sinovlari o’tkaziladigan kuni binoga tegishli hududga soat 07:00 (ikkinchi smena soat 13:00) gacha, binoga soat 07:30 (ikkinchi smena soat 13:30) gacha faqat abiturient ruxsatnomasi va pasporti bilan shaxsni identifikasiyalash vositalari hamda videofiksasiya qurilmalari orqali tartibli ravishda kirishi lozim;
— test sinovlari Toshkent shahridagi “O’zekspomarkaz” milliy ko’rgazmalar majmuasi pavilonlarida va uning hududida o’rnatiladigan qo’shimcha yig’ma pavilonlarda, shuningdek, katta sig’imdagi boshqa binolarda, viloyat markazlarida esa — olimpiya zaxiralari kollejlari yoki boshqa tashkilotlarning katta sig’imdagi binolarida o’tkaziladi;
— test topshiriqlarini bajarish uchun (javoblar varaqasini to’ldirish bilan birga) 30 ta test topshirig’iga 1 soat, 60 ta test topshirig’iga 2 soat, 90 ta test topshirig’iga 3 soat vaqt beriladi;
— test sinovlari natijasidan norozi bo’lgan abiturientlar 20 avgustdan 30 avgustgacha bo’lgan muddatda O’zbekiston ta’lim muassasalariga o’qishga qabul qilish bo’yicha davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan apellyasiya komissiyasiga yozma yoki elektron shaklda apellyasiya shikoyatini berish huquqiga ega bo’ladi.

Quyidagi havola orqali O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 3 aprel 2018-yil №261-sonli Qarorini yuklab olishingiz mumkin.