YANGILIKLAR
Домой / Без рубрики / Olmaliq shahrida Toshkent viloyati Navro’z tantanalari nishonlandi.

Olmaliq shahrida Toshkent viloyati Navro’z tantanalari nishonlandi.

        21 mart kuni Olmaliq shahrida Toshkent viloyat ahli ham Navro’z bayramini keng tantanalar bilan nishonladilar.
Xalq sayli sifatida nishonlangan ushbu bayram Olmaliqning “Oltin olma” xiyoboni, “Yoshlar” bog’i, “Bolajon” istirohat bog’i hamda mazkur hududlarga tutash markaziy ko’chalar va to’yxonalarda keng nishonlandi.
100 nafar karnaychi va surnaychilar viloyatning jami 22 ta shahar, tumanlaridan tashrif buyurgan mehmonlarni bayramona kuy-sadolar ostida kutib oldi. “Oltin olma” xiyobonida viloyatning har bir shahar, tumanlari o’zlariga ajratilgan pavilyonlarda milliy qadriyatlarimizni aks ettiruvchi an’analarni namoyish etib, kuy-qo’shiqlar ijro etishdi. Milliy taomlardan – sumalak, halim, ko’k somsa, chuchvara, lochira, qatlama-yu chak-chak, holva hamda tandirdan uzilgan issiq nonlar xalqqa ulashildi. Katta doshqozonda 5 tonna 500 kg damlangan bayram oshi tayyorlandi. Bayram oshi tadbirga tashrif qilganlar va viloyatdagi muassasalarga, jami 48 000 odamga tarqatildi. Bayram ishtirokchilarining o’z pavilyonlariga ulashish uchun 10ta maxsus kichik hajmli avtotransport vositalari (muravey) xalq xizmatida bo’ldi.
“Bolajon” istirohat bog’ida Yoshlar ittifoqi Olmaliq shahar kengashi hamda Maktabgacha ta’lim muassasalari xodimlari hamkorligida tayyorlangan bir-biridan qiziqarli tomoshalar, xalq o’yinlari, bellashuv va musobaqalar bolalarga haqiqiy bayram kayfiyatini ulashdi. “Yoshlar” bog’ida kitobxonlik, she’rxonlik, rassomchilik, o’ymakorlik, kashtachilik bo’yicha bo’lib o’tgan chiqishlar ham tomoshabinlarda chuqur taassurot qoldirdi. Bayramda shuningdek, Hindistondan tashrif buyurgan hind xonandasi tomonidan kuylangan qo’shiqlar barchani o’ziga maftun etdi.

Fototasvirlar “Axborot 24”teleko’rsatuvidan olingan.