Домой / Без рубрики / Professional ta`limda Xitoy va O‘zbekiston hamkorligi o‘rnatilmoqda

Professional ta`limda Xitoy va O‘zbekiston hamkorligi o‘rnatilmoqda

“Bir yo‘l, bir makon” tashabbusi doirasida o‘rta bo‘g‘in kadrlarni tayyorlash bo‘yicha Xitoy va O‘zbekiston hamkorligi o‘rnatilmoqda

11-sentyabr kuni Chongqing shahridagi Chongqing muhandislik kasbiy ta’lim institutida Xitoy-O‘zbekiston professional ta’lim hamkorligini tashkil etish yuzasidan o‘tkazilgan uchrashuvda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining delegatsiyasi a’zolari bevosita shuningdek, Professional ta’lim tizimini rivojlantirish departamenti boshlig‘i va xodimlari hamda 15 ta professional ta’lim muassasalari direktorlari onlayn qatnashdi.

Uchrashuvda “Bir yo‘l, bir makon” tashabbusi doirasida Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasida professional ta’limni rivojlantirishda xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ta’lim dasturlarini joriy etish, o‘quv-meyoriy hujjatlarni ish beruvchilar talablari asosida ishlab chiqish, pedagoglarning Xitoyda stajirovkalarini tashkil etish hamda o‘quv-ustaxonalarining moddiy-texnika bazasini kuchaytirish bo‘yicha hamkorlik qilish imkoniyati va istiqbolli rejalari muhokama qilindi.

Shu bilan birga, Vazirlik delegatsiyasi Chongqing muhandislik kasbiy ta’lim institutida kadrlar tayyorlash tizimi, o‘quv laboratoriyalari, “Intellektual ishlab chiqarish va transport maktabi” hamda “Katta ma’lumotlar va internet maktablari” faoliyati bilan tanishdi.

13-sentyabr kuni Vazirlik delegatsiyasi 100 dan ortiq Xitoy kollejlari rahbarlari, xitoylik ishlab chiqarish korxonalari vakillari va tadbirdagi boshqa mehmonlar uchun O‘zbekiston professional ta’lim tizimi to‘g‘risida, xususan, so‘ngi yillarda tizimda amalga oshirilgan islohotlar, ustuvor vazifalar va istiqbolli rejalar to‘g‘risida taqdimot qilindi.

Xitoy kollejlari rahbarlari va xitoylik ishlab chiqarish korxonalari vakillari tomonidan O‘zbekiston professional ta’lim muassasalari bilan hamkorlik qilishga katta qiziqish bildirildi.

Kelajakda axborot-texnologiyalari, qishloq xo‘jaligi, qurilish va shaharsozlik, yashil energiya, elektron tijorat, elektromobillarga xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash bo‘yicha o‘rta bo‘g‘in kadrlar tayyorlashda hamkorlik qilish rejalashtirilmoqda.