YANGILIKLAR
Домой / Без рубрики / Shavkat Mirziyoev «Yoshlar – kelajagimiz» davlat dasturi to’g’risidagi farmonni imzoladi.

Shavkat Mirziyoev «Yoshlar – kelajagimiz» davlat dasturi to’g’risidagi farmonni imzoladi.

      O’zbekiston Respublikasi prezidenti “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi to’g’risidagi farmonni imzoladi. Hujjat matni O’zA tomonidan keltirilgan.
Hujjatga ko’ra, yoshlarning biznes tashabbuslari, startaplari, g’oyalari va loyihalarini ro’yobga chiqarishga ko’maklashish va qo’llab-quvvatlash, band bo’lmagan yoshlarni mehnat bozorida talab yuqori bo’lgan mutaxassisliklar va biznes yuritish ko’nikmalariga o’qitish, shuningdek, umuman yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish orqali ularning bandligini ta’minlashga qaratilgan “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturini Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumanida va Toshkent shahrining Chilonzor tumanida amalga oshirish boshlangan.
2018 yil 1 iyuldan boshlab respublikaning barcha tuman (shahar)larida “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi amalga oshiriladi.
Davlat dasturi doirasida quyidagilar amalga oshirilishi belgilandi:

a) O’zbekiston yoshlar ittifoqi huzurida “Yoshlar – kelajagimiz” jamg’armasini, shuningdek, uning tuman va shahar filiallarini tashkil etish, Jamg’armaning mablag’laridan Davlat dasturidagi tadbirlarni moliyalashtirish, jumladan, quyidagilarni amalga oshirish uchun foydalanish:

yoshlarning biznes tashabbuslari, startaplari, g’oyalari va loyihalarini amalga oshirish uchun tijorat banklari orqali yillik 7 foiz stavka bilan imtiyozli kredit va mol-mulkni lizingga berish;
Davlat dasturi doirasida olinadigan kreditlar bo’yicha kredit hajmining 50 foizidan ko’p bo’lmagan miqdorda kafilliklar berish;
Davlat dasturi doirasida amalga oshiriladigan tadbirkorlik loyihalarida ular qiymatining 50 foizidan ko’p bo’lmagan miqdorda ishtirok etish, keyinchalik Jamg’arma ulushini 5 yil davomida realizasiya qilish;
tegishli ko’nikmalarga ega band bo’lmagan yoshlar yashaydigan uy xo’jaliklari uchun 20 tagacha parranda va quyon bolasi, 5 ta mayda va 2 ta yirik qoramol sotib olish, ularning qiymatini kelishilgan muddatlarda qaytargan holda ularni boqish va keyinchalik realizasiya qilishda ko’maklashish;

b) yoshlarning qayta tayyorlanishi va malaka oshirishini tashkil etish, mehnat bozorida talab yuqori bo’lgan kasblarga o’qitish, shuningdek, ularga biznes yuritish ko’nikmalarini singdirish;

v) davlat-xususiy sheriklik shartlarida:

yosh tadbirkorlarga imtiyozli shartlarda binolar, ofis texnikasi
va sarflash materiallarini ijaraga berish, ularni internet bilan ta’minlash, shuningdek, yoshlarning biznes tashabbuslari, startaplari, g’oyalari va loyihalarini amalga oshirishga boshqacha ko’mak berish, jumladan, biznes rejalar ishlab chiqish, maslahat, yuridik, buxgalteriya va boshqa xizmat turlarini ko’rsatish, forumlar, master-klasslar va seminarlar tashkil etish uchun “Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazlarini;
savdo-maishiy va kichik ishlab chiqarish maydonlarini tashkil etish uchun mehnat kuchi haddan ziyod bo’lgan tumanlarda “Yoshlar mehnat guzari” komplekslarini qurish.
“Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazlari va “Yoshlar mehnat guzari” komplekslarini qurish davlat-xususiy sheriklikning quyidagi shartlarida amalga oshirilishi belgilab qo’yildi:

a) tuman (shahar)lar hokimliklari:

“Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazlari va “Yoshlar mehnat guzari” komplekslarini, shuningdek, boshqa ob’ektlarni qurish (joylashtirish) uchun xususiy investorlarga, istisno tariqasida, to’g’ridan-to’g’ri muzokaralar orqali er uchastka (bo’sh bino)larni doimiy foydalanish huquqi asosida ajratadi;

“Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazlari va “Yoshlar mehnat guzari” komplekslarini muhandislik kommunikasiyalariga, jumladan, elektr, gaz va suv ta’minoti tarmoqlariga olib borishni va ulashni tuman (shahar)lar byudjetlarining qo’shimcha manbalari hisobidan ta’minlaydi;

b) Jamg’arma “Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazlari va “Yoshlar mehnat guzari” komplekslari qurilishi qiymatining 30 foizigacha bo’lgan qismini moliyalashtirishda mazkur mablag’larni ularning ustav jamg’armasi (kapitali)ga keyinchalik kapitallashtirgan holda ishtirok etishga haqli;

v) xususiy investorlar quyidagi majburiyatlarni o’z zimmasiga oladi:

“Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazlari va “Yoshlar mehnat guzari” komplekslari qurilishi qiymatining kamida 70 foizini moliyalashtirish, ularning kelishilgan muddatlarda va namunaviy loyihalarga muvofiq qurilishi va foydalanishga topshirilishini ta’minlashni;
Davlat dasturi ishtirokchisi bo’lgan yosh tadbirkorlarga “Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazlari va “Yoshlar mehnat guzari” komplekslarida joy berish, ularga maqbul narxlarda xizmatlar ko’rsatish, shuningdek, ularda ish o’rinlari umumiy sonining kamida 70 foizi miqdorida band bo’lmagan yoshlarni ishga qabul qilish sharti bilan mustaqil ravishda tadbirkorlik faoliyatini tashkil etishni;
Jamg’armaning tuman va shahar filiallarini joylashtirish uchun “Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazlaridagi xonalarni bepul taqdim etishni;

g) “Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazlari va “Yoshlar mehnat guzari” komplekslarini saqlab turish xususiy investorlarning mablag’i hisobidan amalga oshiriladi;

d) “Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazlari va “Yoshlar mehnat guzari” komplekslarini qurishga yo’naltiriladigan mablag’lar xususiy investorlarning soliq solinadigan bazasidan chegirib tashlanadi.

Belgilansinki, Davlat dasturining amal qilishi yoshlar tadbirkorligi sub’ektlariga, 50 foiz va undan ko’proq muassislari yoshlardan iborat bo’lgan tadbirkorlik sub’ektlariga, shuningdek, yaratiladigan ish o’rinlarining 70 foizidan kam bo’lmagan qismini 5 yil davomida yoshlarni ish bilan ta’minlash uchun taqdim etish majburiyatini o’z zimmasiga oladigan tadbirkorlik sub’ektlariga, jumladan, xorijiy investorlarga tatbiq etiladi.