O’zbekiston Respublikasi prezidenti “O’qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan ta’lim-tarbiya tizimida alohida o’rnak ko’rsatgan xodimlardan bir guruhini mukofotlash to’g’risida”gi farmonni imzoladi. Hujjat matni O’zA tomonidan keltirilgan.
Mamlakatimizda barcha sohalar qatori ta’lim tizimida ham keng ko’lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ushbu o’zgarishlarning samarasi, yurtimizning taraqqiy topgan davlatlar qatoridan munosib o’rin egallashi avvalo, ilm-fan va ta’lim-tarbiya sohasining rivoji bilan uzviy bog’liqdir.
Bugun zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni, xorijiy tillarni puxta egallab, katta umid va ishonch bilan hayotga qadam qo’yayotgan, ertangi kunimizning hal qiluvchi kuchi bo’lgan farzandlarimizning munosib kamol topishida o’qituvchi va murabbiylarimizning hissasi beqiyos ekanini ta’kidlash lozim, deyiladi farmonda.
Mamlakatda ta’lim va tarbiya tizimini davr talablari asosida takomillashtirish, sohaga doir islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish ishlariga qo’shgan salmoqli hissasi, yoshlarga ilm-fan asoslari va zamonaviy kasb-hunarlarni o’rgatish, ularni ona Vatanga muhabbat, istiqlol g’oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash borasidagi ko’p yillik samarali xizmatlari hamda ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun quyidagilarga faxriy unvonlar berildi:
«Shuhrat» medali bilan
Rahmatullaeva Mohira Turdalievna — Oqqo’rg’on qurilish va kommunal xo’jaligi kasb-hunar kollejining maxsus fan o’qituvchisi, Toshkent viloyati.