Muhtaram ustozlar!
Qadrli do’stlar!
Siz, azizlarni, sizlarning timsolingizda o’z hayotini yosh avlod tarbiyasidek sharafli ishga bag’ishlagan barcha yurtdoshlarimizni 1 oktyabr – O’qituvchi va murabbiylar kuni bilan samimiy muborakbod etaman.
Buyuk ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniyning: “Inson tafakkurining quvvati va kengligi avvalo muallim tarbiyasiga bog’liq” degan so’zlari sizlarning mashaqqatli, ayni vaqtda olijanob faoliyatingizga berilgan yuksak bahodir, desak, o’ylaymanki, adashmagan bo’lamiz.
Haqiqatan ham, biz o’zimizdagi jamiki yaxshi fazilatlar, hayotda erishayotgan barcha yutuqlarimiz uchun siz, azizlardan umrbod qarzdormiz.
Ushbu qutlug’ ayyomda sizlarning sha’ningizga eng go’zal so’zlar, ezgu tilaklarimizni izhor etar ekanmiz, barchamizning kamol topishimiz, jamiyatda munosib o’rin egallashimizda bor bilim va tajribasini, qalb haroratini baxsh etib kelayotgan mehridaryo ustozlarimizga chin yurakdan minnatdorlik bildiramiz.
Hurmatli do’stlar!
Barchamiz yaxshi tushunamiz, ta’lim-tarbiya – har qaysi davlat va jamiyatning nafaqat bugungi, balki ertangi kunini ham hal qiladigan eng muhim va ustuvor masaladir.
Shuning uchun mamlakatimizda bu masalaga davlat miqyosida ulkan e’tibor qaratilmoqda.
Bu haqda gapirganda, oxirgi vaqtda mamlakatimizda ta’lim-tarbiya tizimini mutlaqo yangi bosqichga ko’tarishga xizmat qiladigan bir necha muhim qarorlar haqida alohida to’xtalishni o’rinli, deb bilaman.
Avvalo, 2017 yil 30 sentyabrda qabul qilingan Prezident qaroriga muvofiq yurtimizda birinchi marta Maktabgacha ta’lim vazirligi tashkil etildi. Shu asosda o’tgan qisqa davrda ushbu tizim tubdan yangicha negizda tashkil etilgani, 980 dan ortiq bog’cha qurilib, ishga tushirilgani, bu maskanlarda ta’lim-tarbiya ishlari mazmun va sifat jihatidan eng ilg’or usul va vositalar yordamida olib borilayotganini qayd etish lozim.
Yana bir muhim hujjat – 2018 yil 14 avgustda qabul qilingan Prezident qaroriga binoan boshlang’ich va yuqori sinf o’qituvchilarining maoshlari tenglashtirildi, yangi yildan boshlab mutaxassis o’qituvchilarning oshirilgan oylik ish haqi miqdori 54 foizga, oliy toifali pedagoglarniki esa 64 foizga etishi ko’zda tutilmoqda.
Shu bilan birga, pedagog xodimlarni namunaviy arzon uy-joylar, avtotransport vositalari bilan ta’minlash maqsadida uzoq muddatli imtiyozli kreditlar berish, ularning oila a’zolariga tadbirkorlik faoliyati uchun imtiyozli kreditlar ajratish tizimi yo’lga qo’yildi.
Ana shu ishlarning davomi sifatida shu yil 5 sentyabrda qabul qilingan “Xalq ta’limini boshqarish tizimini takomillashtirish bo’yicha qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi Prezident farmoni soha taraqqiyotida yangi ufqlar ochib beradi, deb o’ylayman.
Farmonda, jumladan, xalq ta’limi muassasalarini boshqarish tizimini takomillashtirish, moddiy-texnik va o’quv-metodik bazasini mustahkamlash, nodavlat umumta’lim maskanlari tarmog’ini yanada rivojlantirish, “Zamonaviy maktab” davlat dasturini tayyorlash, ishlab turgan pensioner o’qituvchilarga pensiyalarini to’liq miqdorda to’lash kabi masalalar aniq belgilab qo’yilganidan sizlar albatta xabardorsiz.
Ta’kidlash joizki, mamlakatimizda oliy ta’lim tizimini rivojlantirishga ham ustuvor ahamiyat berilmoqda. Yangi oliy o’quv yurtlari bilan birga chet eldagi nufuzli universitetlarning filiallari ochilmoqda, oliy ta’lim muassasalariga qabul kvotalari oshirilmoqda, ko’pgina yo’nalishlar bo’yicha sirtqi bo’limlar faoliyat ko’rsatmoqda.
Bularning barchasi ta’lim-tarbiya jarayonlarining sifati va darajasini zamon talablari asosida tubdan yaxshilash, zahmatkash ustozlarimiz, mazkur sohada faoliyat ko’rsatayotgan barcha fidoyi insonlar uchun munosib mehnat sharoitlari yaratish, ularning qadr-qimmatini yuksaltirishga qaratilgani bilan ayniqsa ahamiyatlidir.
Yurtimizda joriy yil Investisiya dasturi doirasida 356 ta ta’lim muassasasida 684 milliard 700 million so’mlik, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari bo’yicha esa 371 ta umumta’lim maktabida 424 milliard so’mdan ziyod qurilish-rekonstruksiya va ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda.
Bu haqda so’z yuritganda, shu yil avgust oyiga qadar davlat byudjetidan 12 trillion 366 milliard so’m yoki yalpi xarajatlarning 26 foizdan ziyodi aynan ta’lim-tarbiya sohasiga yo’naltirilganini hisobga oladigan bo’lsak, ushbu tizimdagi islohotlarimizning ko’lami va miqyosi yanada yaqqol ayon bo’ladi.
Albatta, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ana shunday ulkan ishlarning amaliy ta’siri va natijadorligini ta’minlashda o’qituvchi va murabbiylarning o’rni va roli beqiyos ekanini hammamiz yaxshi tushunamiz.
Shuning uchun ham yoshlarni milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida, zamonaviy bilim va kasb-hunarlar, xorijiy tillarni puxta egallagan, Vatanimiz va xalqimizga sadoqatli insonlar etib voyaga etkazishda avvalo sizlarga tayanamiz.
Ayniqsa, butun dunyoda murakkab va tahlikali vaziyat hukm surayotgan hozirgi vaqtda yoshlar hayotiga tahdid solayotgan xavf-xatarlarning oldini olish, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashishda sizlarning ibratli faoliyatingiz ulkan ahamiyatga ega.
Shu boradagi o’ta mas’uliyatli vazifalar sizlardan o’z ustingizda tinimsiz ishlash, farzandlarimizni yangicha tafakkur, yuksak insoniy tuyg’ular bilan oshno etish, ularda mustaqil va ijodiy fikrlash qobiliyatini uzluksiz rivojlantirib borishni talab etmoqda.
Ishonchim komil, millati, tili va dinidan qat’i nazar, Vatanimizning har bir farzandini o’z bolasidek sevib, ardoqlab, ularni barkamol insonlar etib tarbiyalash uchun sidqidildan mehnat qilayotgan siz, hurmatli O’zbekiston o’qituvchi va murabbiylari bu vazifalarni albatta sharaf bilan ado etasiz.
Bu yo’lda sizlarni doimo qo’llab-quvvatlash, barcha zarur sharoitlarni yaratib berish uchun davlatimiz va jamiyatimiz o’zining bor kuch va imkoniyatlarini bundan buyon ham ayamaydi.
Aziz va muhtaram ustozlar!
Barchangizni bugungi umumxalq bayrami bilan yana bir bor samimiy tabriklayman.
Olijanob va mas’uliyatli faoliyatingizda kuch-g’ayrat, yutuq va omadlar, xonadonlaringizga baxtu saodat, fayzu baraka tilayman
Hech qachon kam bo’lmang, mehribon ustozlar!
Shavkat Mirziyoyev,
O’zbekiston Respublikasi Prezidenti