Toshkent davlat tibbiyot universiteti tashkil etiladi
“Tibbiyot sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ-149-son, 22.04.2025-y.) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra:
Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti va Toshkent davlat stomatologiya instituti negizida Toshkent davlat tibbiyot universiteti tashkil etiladi;
Toshkent tibbiyot akademiyasining markaziy ilmiy-tekshirish laboratoriyasi negizida Tibbiyot ilmiy-innovatsion tadqiqot instituti faoliyati yo‘lga qo‘yiladi;
Toshkent tibbiyot akademiyasining Urganch filiali Urganch davlat tibbiyot instituti etib qayta tashkil etiladi;
Toshkent tibbiyot akademiyasining ko‘p tarmoqli klinikasi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasi va Toshkent davlat stomatologiya instituti klinikasi Toshkent davlat tibbiyot universiteti klinikalari etib qayta nomlanadi;
Toshkent tibbiyot akademiyasining Termiz va Chirchiq filiallari Toshkent davlat tibbiyot universitetining Termiz va Chirchiq filiallari etib qayta nomlanadi;
Toshkent tibbiyot akademiyasi akademik litseyi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti akademik litseyi va Toshkent davlat stomatologiya instituti akademik litseyi Toshkent davlat tibbiyot universitetining 1-, 2- va 3-son akademik litseylari etib qayta nomlanadi.
Ta’lim dasturlarini xalqaro tibbiy ta’lim standartlariga muvofiqlashtirib, kompetensiyalarga asoslangan tibbiy ta’lim dasturlarini joriy etish Universitetning asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlaridan biri etib belgilandi.