Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tashabbusi bilan Jizzax politexnika instituti hududida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida “Ziyolilar bog‘i”da ko‘chat ekish marafoniga rasmiy start berildi.
Katta tantana, ko‘tarinki shukuhda o‘tkazilgan marafon ochilish marosimida Jizzax viloyati hokimi o‘rinbosari Akmal Savurboyev, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov boshchiligidagi vazirlik mutasaddilari, hududiy boshqarmalar va oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, 2000 nafarga yaqin ko‘ngilli talabalar bevosita ishtirok etgan bo‘lsa, bir vaqtning o‘zida respublikamizning 14 hududidagi studiyalardan turib vazirlik markaziy apparati hamda barcha kasbiy va oliy ta’lim muassasalari jamoalari onlayn qatnashdi.
Bahor mavsumida vazirlik tizimidagi 200 ta oliy ta’lim muassasasida jami 648 ming tup daraxt ko‘chatlari ekilishi rejalashtirilgan. 15-mart kuni mamlakat bo‘ylab 30 mingdan ortiq daraxt ko‘chatlari ekilib, “Ziyolilar bog‘i” tashkil etildi.
“Bu bog‘lar bir bog‘lar bo‘ladiki…” shiori ostida o‘tkazilgan tadbir doirasida Jizzax politexnika institutining 1,5 gektar maydonida 1700 tup daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi.
Bahorning ilk kunlarida keng miqyosda ko‘chat ekish marafoni va turli ekotashabbuslar bilan davom etayotgan ushbu loyihada Toshkent viloyati Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi boshligʻi N.Kulbekova hamda Toshkent viloyati oliy taʼlim muassasalari rektorlari ham ishtirok etdilar.
Mazkur tashabbus oliy ta’lim muassasalarida yashil hududlar barpo etish, talabalar va yoshlarning ekologik madaniyatini oshirishga xizmat qiladi.